Qarmoq qoʻygan — oʻzi ilindi: qonun aylanma yoʻlni tan olmaydi
2026-04-25 18:00:00 / Qo'mita yangiliklari

Hayotda shunday “ziyraklar” ham borki, ular qonunni chetlab oʻtishni emas, balki uni “aylanib oʻtishni” sanʼat darajasiga chiqarmoqchi boʻladi. Ammo qonun — aylana yoʻl emas, u doira: qaysi tomondan yurmang, oxiri baribir oʻzingizga qaytib keladi.
Soliq mobil ilovasi — adolatga eltuvchi qulay koʻprik. U orqali har bir fuqaro qonunbuzilishni bildirib, jamiyatda tartib va shaffoflikni mustahkamlashga hissa qoʻshishi mumkin. Lekin, afsuski, ayrimlar bu imkoniyatni “oson daromad” manbai deb tushunib, rost bilan yolgʻonni aralashtirib yuborishmoqda.
Jizzax shahridagi fuqaro A.X. ham ana shunday “faollar”dan biri boʻlib chiqdi. U savdo nuqtalariga kirib, chek berilmadi, qonun buzildi deya ketma-ket murojaatlar yozavergan. Shunchalik koʻpki, hatto soliqchida ham “bu yerda nimadir notoʻgʻri” degan his paydo boʻlgan.
Soliq idorasi xodimi uni hurmat bilan chaqirib, “faollik ham meʼyor bilan goʻzal” deb tushuntirgan. Ammo bizning “qahramon” buni boshqacha tushunibdi: murojaatni kamaytirish uchun “kichikgina ragʻbat” — 10 million soʻmlik telefon soʻragan.
Mana shu yerda hayotning yumori boshlanadi: u boshqalarni “qarmoqqa ilintirmoqchi” edi, ammo oʻzi ilon deb oʻylagan narsa qarmoq boʻlib chiqdi. Soliqchi vaziyatni toʻgʻri baholab, tegishli idoralarga xabar berdi. Va “murojaat ustasi” Jizzax shahar IIB hamda Soliq boshqarmasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida pora olayotgan paytida qoʻlga tushdi.
Biz koʻpincha davlat xizmatchisi pora olsa, qattiq norozilik bildiramiz — bu toʻgʻri. Ammo fuqaro pora talab qilsa-chi? Bu ham oʻsha tanganing ikkinchi tomoni emasmi? Adolat — bir tomonlama emas, u ikki tarafga ham bir xil qaraydi.
Xulosa oddiy, lekin oʻylantiradi: qonunni aldashga urinish — xuddi soyadan qochishdek. Qancha tez yugurmang, u sizdan uzoqlashmaydi. Balki toʻxtab, yuzma-yuz qarashgan maʼquldir. Shunda ham kulgudan, ham xulosadan nasibador boʻlamiz.
Ogoh boʻling odamlar!!!
