Soliq qoʻmitasi Jamoatchilik kengashining “Avtokameral” boʻyicha ayrim takliflarini qabul qilib, raqamli markirovkalash masalalarini muhokama qilib oʻtdi
2026-04-23 14:40:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qoʻmitasi Jamoatchilik kengashining “Avtokameral” boʻyicha ayrim takliflarini qabul qilib, raqamli markirovkalash masalalarini muhokama qilib oʻtdi
Har oy Soliq qoʻmitasida hisobchi va soliq maslahatchilari uchun anʼanaviy Ochiq eshiklar kuni (https://t.me/soliqnews/18386)formatida oʻtkaziladigan navbatdagi yigʻilish Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbir soliq maʼmuriyatchiligiga oid dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish va malakali mutaxassislardan iborat jamoa fikrini inobatga olgan holda amaliy yechimlar ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri – tekshiruvdan oldingi tahlil (“Avtokameral”) formulalarini takomillashtirish natijalari tahlili boʻldi. Taʼkidlanganidek, bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi. Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi tomonidan kiritilgan takliflarning katta qismi qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda. Xususan, 1 mln soʻmgacha boʻlgan tafovutlar uchun taʼsir choralari qoʻllanilmasligi boʻyicha chegara joriy etildi. Bu yondashuv intizomli soliq toʻlovchilar uchun ortiqcha maʼmuriy yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
Tovarlarni markirovkalash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar mahsulotlarni inventarizatsiya qilishning amaliy jihatlari, shuningdek dori vositalariga nisbatan markirovkani qoʻllash xususiyatlarini muhokama qilishdi. Uchrashuv davomida markirovkalangan mahsulot qoldiqlarini onlayn hisobga olish imkoniyatlari namoyish etildi, bu esa albatta, biznes uchun shaffoflik va qulaylikni oshiradi.
Muhokama yakuniga koʻra malakali mutaxassislar jamoasi tadbirkorlarga tezkor maslahat berish maqsadida markirovka masalalari boʻyicha alohida “ishonch telefoni” tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Soliq qoʻmitasi bu kabi ochiq muloqot formatidagi uchrashuvlarni, biznes hamjamiyati bilan samarali aloqa oʻrnatish va soliq maʼmuriyatchiligini amaliyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirishni muntazam davom ettiradi.


