“Soliq bilimlari — yosh avlodga” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi
2026-04-16 19:00:00 / Qo'mita yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida an’anaviy “Soliq bilimlari — yosh avlodga” respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Tanlovning maqsadi — o‘quvchilar o‘rtasida soliq savodxonligini oshirish, ularda soliq tizimi bo‘yicha huquqiy tushunchani shakllantirish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq islohotlari haqidagi bilimlarini chuqurlashtirishdan iborat. Mazkur tadbir har yili o‘tkazilib, to‘rt bosqichni o‘z ichiga oladi: maktab, tuman, viloyat va respublika bosqichlari.
Tanlov doirasida ishtirokchilar yosh toifasiga qarab turli yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarini namoyon etadilar:
- 5–7-sinf o‘quvchilari — “Soliqlar mavzusining suratlardagi tasviri” mavzusidagi eng yaxshi rasm;
- 8–9-sinf o‘quvchilari — “Soliq: kecha, bugun, ertaga” mavzusidagi eng yaxshi insho;
- 10–11-sinf o‘quvchilari — “Soliqlar nimaga toʻlanadi va nimalarga sarflanadi?” mavzusidagi eng yaxshi videorolik (Reels).
Ko‘rik-tanlovning 2026-yil yanvar–fevral oylarida hududlarda o‘tkazilgan dastlabki bosqichlarda 9 272 ta umumta’lim maktabidan qariyb 290 ming nafar o‘quvchilar ishtirok etdi. Saralash yakunlariga ko‘ra, uchta nominatsiya bo‘yicha har bir hududdan 3 nafardan — jami 42 nafar ishtirokchi respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning yakuniy bosqichi joriy yilning 17-aprel kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir yuqori tashkiliy darajada, jarayonlarning ochiqligi va xolisligi tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etilgan.
Ishtirokchilarning ijodiy ishlari Soliq qo‘mitasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari, shuningdek, umumiy ta’lim tizimi mutaxassislari, professional badiiy va akademik hamjamiyat vakillari, madaniyat va san’at arboblari, media, kommunikatsiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi ekspertlardan iborat nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, har bir nominatsiya bo‘yicha 3 nafardan g‘olib aniqlanadi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati
