Soliq qoʻmitasida Osiyo taraqqiyot banki missiyasi bilan strategik uchrashuvlar oʻtkazildi
2026-04-09 18:00:00 / Qo'mita yangiliklari

Muzokaralarda Soliq qoʻmitasining masʼul xodimlari hamda OTBning davlat sektori boʻyicha bosh iqtisodchisi Sandip Bxattacharya boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Missiyaning asosiy maqsadi OTB bilan hamkorlikda erishilgan natijalarni muhokama qilish, EMIP dasturining ikkinchi va uchinchi subdasturlari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini baholash hamda yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashdan iborat boʻldi.
Muzokaralar davomida quyidagi asosiy masalalar atroflicha koʻrib chiqildi:
- soliq auditining shaffofligini oshirish va tekshiruvlarda xavfga asoslangan yondashuvni rivojlantirish;
- aholining soliq organlariga ishonch darajasini oʻrganish boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazish va soliq toʻlovchilar bilan ishlash boʻlinmasi faoliyatini kuchaytirish (Taxpayer Engagement Unit);
- soliq qonunchiligi boʻyicha rasmiy tushuntirishlar tizimini takomillashtirish (Publich Ruling Framework joriy etish);
- soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish va soliq bazasini kengaytirish.
OTB vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining izchilligi va samaradorligini yuqori baholadi. Shuningdek, institutsional salohiyatni oshirish va sohaviy maslahatlar berish orqali texnik koʻmakni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta'kidlashdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar barcha kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni faollashtirish va oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Soliq qoʻmitasi Osiyo taraqqiyot banki bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlaydi.
Maʼlumot uchun. OTBning EMIP dasturi Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan kompleks islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Xalqaro soliq munosabatlari boshqarmasi


