Ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqaruvchi korxonalarga soliq imtiyozlari beriladi
2026-04-08 12:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqaruvchi korxonalarga soliq imtiyozlari beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
PF-54, 04.04.2026-yil.
Unga asosan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestri joriy etilmoqda.
Mazkur Reyestrga kiritilgan hamda belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘ygan korxonalarga hamda ularning xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-son Farmonida ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar (ijtimoiy soliqdan tashqari) tatbiq etiladi.
Ma’lumot uchun. Mazkur Farmonida quyidagi imtiyozlar nazarda tutilgan:
▫️ Texnopark rezidentlari 2028-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan ozod qilish;
▫️ Texnopark rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlar tomonidan 2028-yil 1-yanvargacha olingan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar 7,5 foiz miqdordagi qatʼiy belgilangan stavka boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilishi hamda soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Reyestrga kiritilgan hamda patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘ygan korxonalarga 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50% pasaytirilgan stavkada to‘lash huquqi berilmoqda.
