Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilmoqda
2026-04-01 17:00:00 / Qo'mita yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-48-sonli farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga asosan Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilib mazkur markada maxsus huquqiy rejim joriy etilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur markaz hududida qo‘llaniladigan quyidagi imtiyozlar belgilanmoqda:
1. Markaz organlari va ishtirokchilarining Markaz hududida ko‘rsatilgan xizmatlardan olgan daromadlari yuridik shaxslarning foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan (bundan raqamli (kripto) aktivlar birjalari mustasno) ozod etiladi.
2. Markaz organlari va ishtirokchilari tomonidan chet el fuqarolariga (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga) Markazdagi faoliyat doirasida to‘langan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
3. Markaz hududidagi markaz organlari tasarrufida yoki foydalanishida bo‘lgan obyektlar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etiladi.
4. Jismoniy va yuridik shaxslarning quyidagilardan olingan daromadlari tegishlicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda yuridik shaxslarning foyda solig‘idan ozod etiladi:
- qimmatli qog‘ozlarni sotishdan, agar ular sotish kunida Markaz Fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa;
- Markaz ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxslarning ustav kapitalidagi aksiyalar yoki ulushlarni sotishdan;
- Markaz Fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlardan olingan dividendlar va foizlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning Markaz organlari va ishtirokchilaridan mehnat shartnomalari shu jumladan, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida olgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i stavkasi 7 foiz etib belgilanadi.
7. Markaz organlari va ishtirokchilarining xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Mazkur o‘zgarishlar Soliq kodeksiga tegishli tartibda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng amaliyotga joriy qilinadi.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
