Raqamli markirovka tizimi: amaliy jarayonlar va dolzarb savollarga javoblar
2026-03-31 14:10:00 / Qo'mita yangiliklari

Raqamli markirovka tizimi: amaliy jarayonlar va dolzarb savollarga javoblar
Soʻnggi vaqtlarda OAVda raqamli markirovka tizimi va uni qoʻllash qoidalarini buzganlik uchun sanksiyalar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Shu munosabat bilan Soliq qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Mamlakatda raqamli markirovkani joriy etish bosqichma-bosqich, biznes hamjamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tovar aylanmasining shaffofligini oshirish, mahsulotlarning kuzatuvchanligini taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Mazkur tizim doirasida tovar aylanmasi ishtirokchilari quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
• ishlab chiqaruvchi va importyorlar – mahsulotlarni majburiy markirovka qiladi va realizatsiya jarayonida markirovka kodlarini EHFlarda aks ettiradi;
• ulgurji savdo subyektlari – markirovkalangan mahsulotni qabul qiladi va keyingi realizatsiyada markirovka kodlarini EHFda koʻrsatadi;
• chakana savdo subyektlari – markirovkalangan tovarlarni qabul qiladi va onlayn-NKT orqali sotishda markirovka kodlarining kassa cheklarida aks ettirilishini taʼminlaydi.
Biznes-jarayonlar ortiqcha yuklama yaratmaydi: chakana savdo uchun qoʻshimcha uskunalar talab etilmaydi – markirovka kodini 2D-skaner orqali oʻqitilganda chek avtomatik tarzda shakllanadi. Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvarga qadar 2D-skanerlarni xarid qilishda soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.
Qoidalar buzilishining oldini olish va jarima qoʻllashga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, markirovkalangan tovarlarni onlayn-NKT orqali sotishda markirovka kodini skaner qilinmasa, kassa chekini shakllantirish va chop etish imkoniyati chegaralangan.
Xaridorga onlayn-NKT orqali kassa chekini berish majburiy talab hisoblanadi!
Nazorat tadbirlari isteʼmolchilar murojaatlari yoki avtomatlashtirilgan axborot tizim maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi (masofaviy tekshiruvlar – Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartishlar kiritilgandan soʻng). Shu bilan birga, murojaatning oʻzi jarima uchun asos boʻlmaydi: sanksiyalar faqat nazorat xaridi natijalariga koʻra va qonunbuzilish hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirdagina qoʻllaniladi. Axborot tizimi maʼlumotlari asosida tekshiruvlar 2 marta ogohlantiruvchi xabarnoma yuborilgandan keyin amalga oshiriladi.
Soliq toʻlashdan boʻyin tovlaganlik oqibatida yetkaziladigan iqtisodiy zarar jarima miqdoridan ancha yuqori: masalan, aylanma 1 mlrd soʻm boʻlganda jarima 20 mln soʻmni tashkil etadi, aslida soliq majburiyatlari bundan 5–6 baravar koʻproq boʻladi. Shu bilan birga, Soliq kodeksi (215 va 216-moddalar) aybni istisno etuvchi va javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olishni nazarda tutadi.
2025-yilda tekshiruvlar taxminan 1,2 mingta tashkilotni (yaʼni taxminan 1%) qamrab oldi, biroq ayrim ishlab chiqaruvchilar hali ham markirovkasiz mahsulotlarni qonun talablarini buzgan holda realizatsiya qilmoqda.
Hozirgi kunda tizimning toʻliq faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Soliq toʻlovchilar uchun shaxsiy kabinet (my3.soliq.uz) orqali xatolarni aniqlash va bartaraf etish imkoniyatlari mavjud, shuningdek, tovar aylanmasi ishtirokchilari mahsulot harakatini kuzatib borishlari mumkin.
Soliq qoʻmitasi biznes bilan hamkorlik qiladi: suv va ichimliklar uchun agregatsiya joriy etishning dastlabki muddatlari 2 yilga uzaytirildi, 1-apreldan boshlab ishlab chiqaruvchilarga jarimalar qoʻllanmasdan amaliy yordam koʻrsatiladi.
Ulgurji tashkilotlar uchun oʻtish davri tartibi amal qiladi, EHFda markirovka kodlarini validatsiya qilish esa bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Aprel oyida tovarlarni chakana savdoga topshirishda EHF rasmiylashtirishning test rejimi ishga tushiriladi va markirovka kodlarining avtomatik integratsiyasi taʼminlanadi, bu esa hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini oshiradi.
Shuningdek, PQ-190-sonli qaroriga muvofiq, markirovkalangan tovarlarni ulgurji realizatsiya qilish faqat bank hisobvaraqlari orqali naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
