Soliq qoʻmitasi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ichki nazorat tizimini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi
2026-02-18 17:45:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qoʻmitasi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ichki nazorat tizimini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi
Bugun Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Pulatov Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) missiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tomonlar soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilishning bugungi holati va istiqbollari, ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirish, shuningdek soliq organlari faoliyatida riskka asoslangan yondashuvlarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi. Shu maqsadda qoʻmita tuzilmasida operatsion risklarni tahlil qilish va boshqarish boʻyicha ixtisoslashtirilgan boʻlinma tashkil etilgani qayd etildi.
XVJ vakillari mustaqil ichki audit boʻlinmalarini shakllantirish, zamonaviy risk-menejment metodologiyalarini joriy etish, raqamli tahliliy platformalardan foydalanish, shuningdek faoliyat uzluksizligi va axborot xavfsizligini taʼminlash borasidagi xalqaro tajriba bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish va xodimlar malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini tasdiqlab, soliq tizimi ochiqligini oshirish va uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan texnik koʻmak, ekspert maslahatlari hamda tajriba almashish formatlarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.



