Hisobotdagi xatoliklarni tuzatish soliq auditi va jarimalarning oldini oladi
2026-02-13 10:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Hisobotdagi xatoliklarni tuzatish soliq auditi va jarimalarning oldini oladi
Kameral soliq tekshiruvi yakunlari boʻyicha soliq toʻlovchilarga aniqlangan tafovutlarni mustaqil ravishda bartaraf etish toʻgʻrisida talabnoma yuboriladi hamda soliq hisobotlariga tuzatish kiritish yoki asosnomalarni taqdim etish imkoniyati beriladi.
2025-yilda oʻtkazilgan kameral tekshiruvlar yakunlariga koʻra, qariyb 16 mingta subyekt xatoliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etib, qayta hisobot taqdim etgan. Bu ularga soliq auditi va moliyaviy sanksiyalar qoʻllanish xavfining oldini olish imkonini berdi.
Qanday qonunbuzilish holatlari aniqlangan?
- Soliq bazasini kamaytirish va xarajatlarni sunʼiy ravishda oshirish orqali kam miqdorda soliq hisoblash.
- Soliq toʻlashdan qochish maqsadida huquqni suiisteʼmol qilish, soxta yoki qalbaki bitimlar tuzish, xarid qilingan va realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasining muvofiq kelmasligi.
- Qaytarib olinadigan (zachyotga olinadigan) soliq summasini oshirish, toʻlanishi lozim boʻlgan soliq miqdorini kamaytirish sxemalaridan foydalanish.
Shu bilan birga, barcha soliq toʻlovchilar ham talabnomalarga javob taqdim etmaydi. Bu esa soliq auditi tayinlanishiga sabab boʻladi.
Qaysi holatlarda soliq auditi tayinlanadi?
❌ Agar soliq toʻlovchi aniqlangan xatolar va tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa;
❌ Agar aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalar taqdim etilmasa;
❌ Agar taqdim etilgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa.
Soliq kodeksi 138-moddasi
Ushbu imkoniyatdan foydalanmagan 2,6 mingta subyekt faoliyatida soliq auditi oʻtkazilgan va moliyaviy jarimalar qoʻllanilgan.
Masalan, Toshkent shahridagi “A” MCHJda 2025-yil iyun oyida oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida 3,8 mlrd soʻm miqdorida hisoblanmagan soliqlar boʻyicha talabnoma yuborilgan.
Biroq jamiyat tomonidan talabnoma boʻyicha javob taqdim etilmagan. Natijada soliq auditi tayinlanib, qoʻshimcha ravishda 12,4 mlrd soʻm soliq hisoblangan hamda 2,4 mlrd soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Hurmatli soliq toʻlovchilar!
Soliq auditi va moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishining oldini olish uchun kameral soliq tekshiruvlari davomida aniqlangan xatolar va tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan hisobot yoki asosnomalarni oʻz vaqtida taqdim eting.
