So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodchi Yuliy Yusupov Soliq qo‘mitasi tomonidan go‘yoki “svetofor” (Tax gap) tizimi qayta joriy etilgani, natijada eksportyorlar QQSni amalda qaytara olmayotgani haqida da’volar ilgar
2026-01-31 21:20:00 / Qo'mita yangiliklari

RASMIY MUNOSABAT
So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodchi Yuliy Yusupov Soliq qo‘mitasi tomonidan go‘yoki “svetofor” (Tax gap) tizimi qayta joriy etilgani, natijada eksportyorlar QQSni amalda qaytara olmayotgani haqida da’volar ilgari surilgan.
Soliq qo‘mitasi ushbu bildirilgan fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi.
Avvalo, soliq uzilishi koeffitsiyenti (Tax gap) QQS salbiy farq summalarini noqonuniy qoplash holatlarining oldini olish, shuningdek soliq to‘lovchilarning xavf darajasini baholash maqsadida ilgari qo‘llanilgan mexanizm hisoblanadi.
Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-sonli qarori bilan QQSni qaytarishda "Tax gap" koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti to‘liq bekor qilingan.
Bugungi kunda QQS summasini qaytarish jarayonida soliq uzilishi koeffitsiyenti umuman qo‘llanilmayapti. Shu bois, eksportyor korxonalarga QQS qaytarishda zanjirdagi boshqa subyektlarning soliq intizomi uchun mas’uliyat yuklanyapti, degan da’volar asossizdir.
2026-yil 1-yanvardan elektron hisob-fakturalarni (EHF) xavf darajasini avtomatik ravishda baholash tizimi joriy etildi. Mazkur tizimning QQS salbiy farq summasini qoplash mexanizmi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi yo‘q. Eng muhimi, ushbu yangi tizim avvalgi “Tax gap”dan mutlaqo farq qiladi: u operatsiyalarning butun zanjirini emas, balki faqat ikki korxona o‘rtasida rasmiylashtirilgan aniq elektron hisob-fakturani tahlil qiladi.
Amaliy natijalar ham bildirilgan tanqidiy fikrlarni inkor etadi. Xususan, 2025-yilda eksportyor korxonalarga jami 6,9 trln so‘m QQS summasi qoplab berilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 1,5 trln so‘m yoki 27 foizga ko‘pdir. Shuningdek, to‘qimachilik korxonalariga qaytarilgan QQS hajmi ham o‘sish sur’atlarini ko‘rsatib, 2025-yilda 2,2 trln so‘mni tashkil etdi (2024-yilga nisbatan 16 foiz o‘sish).
Yuqoridagi raqamlar QQSni qaytarish tizimi eksportyorlar uchun cheklov emas, aksincha qonuniylik, shaffoflik va barqarorlikni ta’minlayotganini ko‘rsatadi.
Soliq qo‘mitasi iqtisodiy jarayonlar bo‘yicha jamoatchilikda xolis va asosli fikr shakllanishini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq amalda bekor qilingan mexanizmlar haqida noto‘g‘ri xulosalar chiqarish orqali tadbirkorlar o‘rtasida asossiz xavotir uyg‘otish maqsadga muvofiq emasligini bildiradi.
