Qo‘qon shahrida turizm infratuzilmasini tashkil etishda Qashqar shahri tajribasidan foydalaniladi
2026-08-30 10:10:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida xizmat safarida bo‘lib turgan Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov Qashqar shahar hokimi va Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi turizm va madaniyat boshqarmasi mutasaddilari bilan muzokaralar olib borib, Qashqar shahrida turizm va milliy hunarmandchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Qashqar shahrining turizm salohiyati qadimiy shahar muhiti, Ipak yo‘li merosi, uyg‘ur milliy madaniyati, hunarmandchilik, bozorlar, gastronomiya va Pomir tog‘lariga yaqinligi bilan bog‘liq. Bu yerda tarixiy ko‘chalar, an’anaviy uylar, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy taomlar va madaniy dasturlar birlashtirilgan.
Qashqar tajribasining eng muhim jihati — bitta tarixiy obyektni emas, butun shaharni turistik mahsulotga aylantirish. Qo‘qonda ham Xudoyorxon o‘rdasi, Madarixon, Dahmai Shohon, Jome masjidi, tarixiy mahallalar, hunarmandchilik, milliy taomlar va an’anaviy savdoni yagona piyoda turistik marshrutga birlashtirish katta salohiyatga ega.









