Qo‘qon shahrida elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda
2026-07-20 15:10:00 / Yangiliklar

Xususan, shu kunga qadar 140 ta transformator punkti ta’mirlandi, 4 ta yangi transformator punkti foydalanishga topshirildi. 149 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlanib, 197 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari daraxt shoxlaridan tozalandi.
Yashil energetikani rivojlantirish maqsadida 76 ta obyektga umumiy quvvati 2570 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari hamda 20 ta geliokollektor o‘rnatildi.
Elektr ta’minoti barqarorligini oshirish maqsadida 169 ta transformator punktida yuklamalar qayta taqsimlandi. Ko‘p qavatli uylardagi 222 ta elektr shitlari va kabel tarmoqlari ta’mirlanib, yuqori yuklama bilan ishlayotgan 10 ta transformatorning quvvati oshirildi.
Shuningdek, "Muqimiy", At-Termiziy, Shaldirmoq, G‘ishtko‘prik va Qaymoqli guzar mahallalarida yangi elektr uzatish tarmoqlari barpo etilib, transformator punktlari yangilanmoqda. Ushbu loyihalar minglab aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlarini barqaror hamda uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.






