Qo‘qonda Alisher Navoiy mavzesidagi ko‘p qavatli uylar “Indorama Textile” korxonasida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasi bilan isitilishi mumkin
2026-06-05 14:10:00 / Yangiliklar
Qo‘qon shahrida energiya samaradorligini oshirish va aholiga qulay sharoit yaratishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘qon shahar hokimi “Indorama Textile” korxonasi mutasaddilari bilan uchrashib, korxona hududida 12 megavattgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega generatorlarni o‘rnatish masalasini muhokama qildi.

Loyiha doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasidan samarali foydalanish, xususan, Alisher Navoiy mavzesidagi ko‘p qavatli uylarni isitish tizimiga yo‘naltirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida mutasaddilarga loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, tegishli tarmoq tashkilotlari bilan loyihani kelishish hamda amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, aholini barqaror issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish hamda zamonaviy energiya yechimlarini joriy etish imkoniyati yaratiladi.



