Qo‘qon shahrida Yoshlar kuni munosabati bilan konsert o‘tkazildi
2026-04-23 14:10:00 / Yangiliklar
Qo‘qon musiqali drama teatrida "Yoshlar kuni" tadbirlari doirasida o‘tkazilgan madaniy tadbirda Qo‘qon shahar hokimi ham ishtirok etdi. Marufjon Usmonov mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yoshlarning salohiyatlarini namoyon etish va iqtidorlarini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni e’tirof etib, Xalqaro amaliy va Tasviriy san’at festivalini yuqori saviyada tashkil etgan Qo‘qon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi jamoasi va o‘quvchilarga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.

Qo‘qon shahar hokimi festivalda yuksak faollik ko‘rsatgan Qo‘qon ixtisoslashtirilgan san’at maktabining bir qator o‘quvchilariga Diplom va medallarni tantanali ravishda topshirdi.
Qo‘qon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi Musiqiy cholg‘uchilik bo‘limi orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan konsert dasturi tomoshabinlarga va ayniqsa tomoshaga taklif etilgan mahallalardagi uyushmagan yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat baxshida etib, milliy klassika asarlarimizdan bahramand bo‘lishga imkon berdi.






