Qo‘qon shahrida milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi
2026-04-18 18:25:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbuslari asosida ayol-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbekona matolardan to‘qilgan milliy liboslarimizni keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Tarixiy maskan - Xalqaro hunarmandlar festivali tadbirlari o‘tkaziladigan O‘rda maydonida bo‘lib o‘tgan tomoshada Qo‘qon moda markazi asoschisi Madinaxon Tursunxo‘jayeva va ushbu markazda tahsil olib, ayni paytda mustaqil faoliyat olib borayotgan iqtidorli dizaynerlarning to‘plamlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Ko‘rgazmada "Qo‘qon gullari" brendi tomonidan milliy uslubda gullar bilan soch turmaklash uslubi namoyish etilib, tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori, “Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar uyushmasi raisi - Kamilova Xalida Xafizovna va Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov sohada yuksak natijalarga erishayotgan dizaynerlar va tadbirni yuksak saviyada o‘tkazishga katta hissa qo‘shgan mutaxassislarga Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdilar.







