Qo‘qon shahrida Navro‘z bayrami katta tantanalar bilan nishonlandi
2026-03-18 11:15:00 / Yangiliklar

«Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!» shiori ostida tashkil etilgan xalq sayliga Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov ham tashrif buyurib, hunarmandchilik va milliy bahoriy taomlar ko‘rgazmalar, teatrlashtirilgan tomoshalar bilan tanishdi.
Yoshlar bog‘idagi amfiteatrda tashkil etilgan konsert dasturi oldidan Qo‘qon shahar hokimi barchani bayram bilan muborakbod etib, Navro‘z ayyomining mazmun-mohiyati va falsafasi mamlakatimizda davlatimiz rahbarining rahnamoligida amalga oshirilayotgan xalqparvar va insonparvar siyosat ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bilan hamohang ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Bayram tadbiriga to‘plangan minglab hamshaharlarimiz nigohida el suygan san’atkorlar ishtirokida o‘tkazilgan teatrlashtirilgan konsert dasturi raqs va tomoshalar barchaga bayramona ko‘tarinki kayfiyat baxshida etib, bahor ayyomi tarovati va shukuhini namoyon etdi.









