Xorijiy investorlarni jalb etishda korporativ boshqaruvni takomillashtirishning o‘rni
2025-06-12 20:00:00 / Yangiliklar

Xususiylashtirish dasturlarining muvaffaqiyati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xususiy va qarz mablag‘larini jalb qilish - bularning barchasi uchun shaffoflik, oldindan ko‘ra bilish, eng muhimi, samarali boshqaruv zarur. O‘zbekiston kompaniyalari korporativ boshqaruvni takomillashtirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Jahon miqyosidagi eng yaxshi amaliyot natijalariga erishish uchun yana qanday qadamlar kerak?
Bunday dolzarb hamda invetitsion muhitning yanada yaxshilanishi uchun muhim bo‘lgan savollar Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi muvofiqlashtiruvidagi Toshkent Xalqaro Investitsiyalar Forumining so‘nggi kunida tashkillashtirilgan “Xorijiy investorlarni jalb etishda korporativ boshqaruvni takomillashtirishning o‘rni” mavzusidagi panel sessiyasida o‘z javoblari hamda zaruriy yechimlarini topdi.
Sessiyaga rahbarlik qilgan London fond birjalari guruhi birlamchi bozorlarining Yevropa bo‘yicha rahbari Ayuna Nechayevaning bildirishicha, samarali boshqaruv tiziming mavjudligi har qanday biznes uchun ham birlamchi ehtiyojlardan biridir.
Chet ellik investorlarni jalb qilishda korporativ boshqaruvning o‘rni haqida gapirar ekan, Qozog‘istonning Halyk Bank bosh direktori o‘rinbosari Murat Koshenov kapitallashuv eng asosiy jihatlardan biri ekanini aytdi:
“Nima uchun kapitallashuv bunchalik muhim? Albatta birinchi navbatda boshlang‘ich nuqtada mablag‘ jalb qilish uchun. Biroq bu yerda boshqa jihat ham bor, investorlar bilan haqiqatdan ham muloqot qilish va ular uchun korpoativ boshqaruvning asoslarini yaratib berish kerak”
Moderator tomonidan kompaniyaning IPOga chiqishi oldidan hukumat tuzilmasini yaxshilash qanchalik muhim degan savolga Darina Kogan-Bellami shunday javob berdi:
“Bu eng asosiy talablardan biri ekani shubhasiz, hukumat kompaniyalarni ochiq bozorga chiqarishdan oldin yuqo darajadagi korporativ boshqaruvga tayyor bo‘lishi kerak. Korporativ boshqaruv - kompaniyani shaffof, puxta va ma’suliyat bilan boshqarishni anglatadi. Biroq hammasi tartib bilan bo‘lishi kerak”
Davlat va xususiy banklarda katta tajribaga ega bo‘lgan “InFinBank” Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshanbek Qodirov mamlakat bank tizimining transformatsiya jarayonlari va bunda korporativ boshqaruvning o‘rni haqida gapirdi.
“O‘zgarishlar davrida korporativ boshqaruv islohotlarning yuragi hisoblanadi deb o‘ylayman. O‘zbekistonda 36 ta bank va 100 dan ortiq mikromoliya tashkilotlari bor. So‘nggi yillarda bozorda yangi o‘yinchilar ham paydo bo‘lgan sharoitda raqobat ancha kuchaygan. Banklar iloji boricha tezroq rivojlanish uchun har bir sohadagi o‘zgarishlarni bir vaqtda qilishga intilmoqda. Biroq tajribadan ma’lumki, izchillik va barqarorlik juda muhimdir. Yanayam aniq qilib aytganda, korporativ boshqaruvni boshqa narsalar bilan birga olib borish, uni eng boshidan birinchi o‘ringa qo‘yishdek to‘g‘ri effekt bermaydi”, - deya tushuntirdi Ravshanbek Qodirov
“InFinBank” Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonda korporativ boshqaruvni rivojlantirish va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda hukumatning islohotlari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirda ishtirok etganlar
- Ahmet Atay, The Coca-Cola Company’ning Yevroosiyo va Yaqin Sharq davlat siyosati katta direktori
- Filipp Gudjyon, Independent Audit Ltd.ning katta yordamchisi
- Darina Kogan-Bellami, Squire Patton Boggs hamkori
- Dmitriy Zelentsov, Nasdaq savdo va yechimlar bo'yicha direktor
- Murat Koshenov, Halyk Bank bosh direktori oʻrinbosari
- Ravshanbek Qodirov, “InFinBank” ATB Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari
Sessiya davomida muhokama qilingan masalalar mamlakatda investorlarning o‘zaro hamkorlikda samarali faoliyat olib borishlari uchun muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.









