IT sohasi va sun’iy intellekt: innovatsiyalarni ilgari surish va jahon darajasidagi yechimlarni yaratishda yoshlar uchun imkoniyatlar
2025-06-11 16:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida o‘tkazilayotgan Toshkent Xalqaro Investitsiyalar Forumining uchinchi kunida “IT sohasi va sun’iy intellekt: innovatsiyalarni ilgari surish va jahon darajasidagi yechimlarni yaratishda yoshlar uchun imkoniyatlar” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar yoshlarni IT sohasini rivojlantirishga samarali jalb qilish, innovatsion faollikni rag‘batlantirish va xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlarni yaratish istiqbollarini muhokama qildilar.
Sessiya Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Moderator hozirda sanoatda mavjud bo‘lgan muammolar- mintaqaviy raqamli tengsizlik, raqamli ko‘nikmalar taqchilligi va global innovatsion ekotizimga kirishning cheklanganligini ta’kidlab, ushbu sessiyaning maqsadi hukumat vakillari, global texnologiya kompaniyalari, moliya sektori va infratuzilma yechimlari yetakchilarining qarashlarini birlashtirish orqali ushbu muammolarga qarshi turish ekanligini qo‘shimcha qildi.
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos O‘zbekiston hukumatining 2030-yilgacha oldga qo‘ygan global maqsadi elektron hukumat reytingi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 30 ta mamlakati orasidan joy olish ekanligini ta’kidladi.
- Davlat xizmatlari qulay va arzon bo‘lishi - bizning o‘zgarmas siyosatimizdir. Hozir biz barcha davlat xizmatlarini qulay muhitga birlashtirmoqdamiz. Shuni qo‘shimcha qilamanki, joriy yilning so‘nggi besh oyida yagona davlat xizmatlari portali orqali 15 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi, - dedi Oleg Pekos.
Vazirning birinchi o‘rinbosari sun’iy intellekt O‘zbekiston fuqarolari uchun eng foydali innovatsion texnologiyalardan biri bo‘lishini ta’kidlarkan, bu davlat strategiyasining asosiy maqsadi ekanligini bildirdi.
Regulyator doirasi barqaror raqamli iqtisodiyotni barpo etish kalitidir. Bunday doiralarning yo‘qligi oldindan aytib bo‘lmaydigan va muhitini yuzaga keltiradi, bu esa, shubhasiz, biznes va investitsiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, har bir mamlakat ma’lumotlarni sezgirlik va milliy ustuvorlik darajasi bo‘yicha tasniflashi lozim. Bunda tashqi dunyo uchun jozibador bo‘lish va mintaqaviy raqamli markazga aylanish maqsadida ochiqlikni saqlab qolishi zarur, - deya o‘z fikrlarini bildirdi IDCA raqamli infratuzilma bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Abbos Paryavi.
Muhokama doirasida sun’iy intellektni ilg‘or texnologiyalar bilan integratsiya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish orqali O‘zbekistonni raqamli innovatsiyalar sohasida mintaqaviy yetakchiga aylantirish strategiyalari taqdim etildi.
Meta kompaniyasining jamoatchilik siyosati bo‘yicha vitse-prezidenti Saymon Milner sun’iy intellektni ishlab chiqish borasidagi axloqiy masalalarni hal qilishda, ayniqsa foydalanuvchilar tomonidan sun’iy intellektni modellashtirish hamda idrok etishda to‘rtta yondashuvni ajratib ko‘rsatdi:
Shaffoflik. Biz SI mahsulotlarimizga nisbatan maksimal shaffoflikni ta’minlashga intilamiz - ularning qanday ishlashini va foydalanuvchilarga SI yordamida yaratilgan kontent bilan qachon o‘zaro uyg‘unlashishlari mumkinligini tushuntiramiz. Ochiq kodlar. Biz 1 000 dan ortiq ochiq kodli mahsulotlarni e’lon qildik. Ishonamizki, ochiq yondashuv mas’uliyatni oshiradi, modellar sifatini yaxshilaydi va innovatsiyalarni rag‘batlantiradi. Adolat. Biz sun’iy intellektda adolatni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarga katta mablag‘ sarfladik. Masalan, jins, irq va teri ranglari bo‘yicha modellarning ishlashidagi farqlarni bartaraf etishga qaratilgan kompyuter nuqtai nazarining adolatliligini baholash tizimi. Sun’iy intellektni jamiyat uchun manfaatli qilish. Yana aytish joizki, biz aholi zichligi xaritalari va nisbiy boylik indeksi kabi ijtimoiy maqsadlar uchun sun’iy intellekt vositalarini ishlab chiqmoqdamiz. Ushbu vositalar allaqachon global dasturlarni, jumladan, emlash va sanitariya holatini yaxshilash loyihalarini amalga oshirishda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
TBC Bank Uzbekistan mijozlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sergey Chekalkin mintaqadagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan SpeechTech loyihasi haqida so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, bank o‘zbek tilidagi o‘quv ma’lumotlari yetishmovchiligini bartaraf etish uchun loyihaga 10 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Chekalkin, shuningdek, bu sarmoya allaqachon o‘z natijasini bera boshlaganligini ta’kidladi. Endilikda til modeli to‘lov eslatmalari bilan chaqiruvlarning 50% dan ortig‘iga xizmat ko‘rsatmoqda, bu esa samaradorlikni sezilarli darajada oshirishga sababdir. Savdo sohasida sun’iy intellektga asoslangan Telegram-bot boshqa raqamli kanallarga nisbatan 30 foizga yaxshiroq konvertatsiyani ko‘rsatib, shu bilan birga mijozlarni jalb qilish xarajatlarini kamaytirgan.
- Bundan tashqari, O‘zbekiston yosh, iqtidorli va texnologik jihatdan yetuk auditoriyaga ega mamlakatdir. TBC mahalliy jamoaga faol sarmoya kiritadi va uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz mahalliy texnologik hamjamiyatga doimiy tarzda ko‘maklashamiz, tadbirlar tashkil etamiz, IT ekotizimi hayotida ishtirok etamiz va bo‘lajak kadrlarni tayyorlash uchun ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bizning maqsadimiz mintaqadagi bo‘lajak texnologik yetakchilarning barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirishdir, - dedi Sergey Chekalkin.
DataVolt bosh ishlab chiquvchisi o‘rinbosari Anil Vijayachandran kompaniya mintaqadagi birinchi 12 megavatt quvvatga ega, to‘liq yashil energiya bilan ishlaydigan ma’lumotlar markazini qurayotganini ma’lum qildi.
- Bizning vazifamiz - O‘zbekistonni sun’iy intellekt bozorida yetakchi o‘yinchiga aylantirish va ham xorijiy investorlar, ham mahalliy startaplar uchun kuchli ekotizimni shakllantirish imkonini beruvchi keng ko‘lamli data-markazlar bilan ta’minlashdir, - deya qo‘shimcha qildi Vijayachandran.
Sessiya ishtirokchilari, shuningdek, yosh mutaxassislarni raqamli kelajakka tayyorlashda IT sohasining roli, sun’iy intellektga asoslangan innovatsion yechimlarni joriy etish bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolar haqida fikr almashdilar.
Ayni masalada esa Uzum’ning texnologiyalar bo‘yicha direktori Kevin Xanda kompaniyaning ta’limga investitsiya kiritish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Bizda Uzum IT akademiyasi mavjud bo‘lib, akademiyamizni bugunga qadar 900 dan ortiq kishi tamomlagan. Biz IT-universitetlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, tadbirlar o‘tkazamiz va xalqaro tajribalarni faol o‘rtoqlashamiz. IT’dan tashqari, bizda Uzum Ustoz dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u yosh iste’dodlarni biznes, marketing, boshqaruv sohalarida o‘z yo‘lini topishiga yordam beradi, - deya qo‘shimcha qildi Kevin Xanda.
Panel sessiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamli rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kompetensiyalar bilan qurollantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, mamlakatning xalqaro standartlarga mos keladigan texnologik yechimlarni yaratish borasidagi intilishlari ham ushbu sessiyada alohida qayd etildi.









