Global savdo parchalanishi va neoproteksionizm: o‘tmish saboqlari, bugungi muammolar va Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamda global qiymat zanjiri integratsiyasi harakatlariga ta’siri
2025-06-11 13:50:00 / Yangiliklar

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro Investitsiyalar forumining navbatdagi kunida “Global savdo parchalanishi va neoproteksionizm: o‘tmish saboqlari, bugungi muammolar va Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamda global qiymat zanjiri integratsiyasi harakatlariga ta’siri” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi.
Jahon savdosi tobora tarqoqlashib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari ushbu vaziyatga moslashishning yangi yo‘llarini izlamoqda. Rishi Partners boshqaruvchi hamkori Suvera Chakraborti moderatorligida o‘tgan sessiyada savdoni soddalashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va global qiymat zanjirlariga integratsiyani kuchaytirish uchun institutsional salohiyatni yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy strategiyalar muhokama qilindi.
BMT/TDT Xalqaro Savdo Markazi Savdo va Investitsiya Siyosati bo‘limi rahbari Jean Sebastien Roure, Markaziy Osiyo mintaqasining tez rivojlanayotgan mintaqalardan biri ekanligini qayd etdi va mintaqa mamlakatlariga o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.
So‘nggi uch yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga kiritilgan investitsiyalar 40 % oshdi, hozirda mintaqa dunyoda eng tez rivojlanayotgan hududlardan biri hisoblanadi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, uch yil oldin biz bu natijalarni prognoz qilgan edik. Biroq mintaqa rivojlanayotgani bilan hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p, mintaqani tezroq global qiymat zanjiri tarkibiga qo‘shish kerak bo‘ladi. Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyoning o‘rtasida joylashgan hudud. Mintaqa o‘zining bu ustunligidan unumli foydalanishi kerak. Buning uchun mintaqadagi barcha davlatlar birinchi o‘rinda JSTga a’zo bo‘lishlari lozim. O‘zbekiston bu yo‘ldagi faolligini alohida qayd etib o‘tishimiz lozim.
Spikerlardan yana biri Yevropa Investitsiya Banki (EIB) Korporativ Moliyaviy Faoliyatlar va Global Faoliyatlar bo‘limi direktori Andrea Klerichi ham so‘zga chiqdi va O‘zbekistonning mintaqada yetakchi bo‘lishga urinayotganini ta’kidlab o‘tdi.
— Markaziy Osiyo davlatlari geografik jihatdan imkoniyati cheklangan. Shu sababli ham mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishlari lozim, bu mintaqah uchun juda foydali bo‘ladi. O‘zbekistonning bu borada salohiyati yuqori, mamlakat mintaqa yetakchisi bo‘lishga intilmoqda, unda transport koridori bo‘lish imkoniyati mavjud. Bizning bankimiz ham mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni oshirib bormoqda, bir nechta shartnomalar tuzishga ham ulgurdik, tez orada O‘zbekistonda o‘z filialimizni ochishni ham rejalashtirganmiz.
Shuningdek sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshlig‘i Inomjon Abdurahmonov, OECD Yevrosiyo siyosiy tahlilchisi Cheleste Laporte Talamon va ZTO CWST Group prezidenti Xiangliang Hu kabi spikerlar so‘zga chiqishdi.
Ular o‘z nutqlarida Markaziy Osiyoda savdoning erkinlashuvi mintaqa muvaffaqiyatlari omili bo‘lib xizmat qilishini, hudud o‘z potensialidan yetarli darajada foydalanishi kerakligini va mamlakatlar bu yo‘lda birgalikda harakat qilishi lozimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, JSTga mintaqa davlatlarini tezroq a’zo bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini muhokama qilishdi.
Sessiyada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va global qiymat zanjirlariga integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan aniq qadamlar belgilandi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining global savdo tizimiga integratsiya qilishdagi qiyinchiliklar va imkoniyatlar haqida chuqur tahlillar olib borildi. Tadbirda O‘zbekistonning o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun kelajakdagi strategiyalari muhokama qilindi.









