Mastercard O‘zbekistondagi ICT Week xalqaro forumida tadbirkorlar uchun bepul onlayn-maktab ish boshlaganini e'lon qildi
2024-09-20 11:00:00 / Yangiliklar

Elektron tijorat maktabi kichik va o‘rta biznes vakillariga digital-vositalar bilan ishlashni o‘rgatadi. Notijorat loyihasi Mastercard kompaniyasi tomonidan, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Elektron tijorat maktabi — kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ishga tushirilgan notijorat loyihasi. Ta'lim tadbirkorlarga digital-vositalar yordamida biznesni kengaytirish vaa o‘z ishlarida ko‘proq pul topish imkonini beradi. Maktab kurslarida istalgan kishi, mutlaqo bepul o‘qishi mumkin.
“Tizimli ravishda bilimni oshirib borish, yangi ko‘nikmalarni egallash biznesni rivojlantirishda eng muhim omillardan biri. Elektron tijorat maktabi tadbirkorlar uchun savdo aloqalarini kengaytirish, elektron tijoratning yangi, samarali uslublarini tatbiq etish, ham ichki, ham xalqaro savdo maydonchalaridan faol foydalanish, yangi bozorlarga dadil kirib borish uchun yana bir imkoniyat bo‘ladi, bu mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarish va eksport hajmining kengayishiga xizmat qiladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Maktabni rivojlantirishda va uning faoloiyatini yanada kengaytirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov.
Elektron tijorat onlayn-maktabi doirasida tadbirkorlar targetlangan reklamani ishga tushirish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish, internet-do‘kon ochish, xalqaro onlayn-maydonchalarda tovar sotish, onlayn-to‘lovlarni ulash va kiberxavfsizlikni ta'minlash kabi ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
“Mastercard an'anaviy ravishda biznes imkoniyatlarini kengaytirishga, uning rivojini rag‘batlantirishga, yangi bozorlarga chiqishni va innovatsiyalar joriy qilishni qo‘llab-quvvatlashga intiladi. Bugungi kunda muvaffaqiyat ko‘p jihatdan tadbirkor raqamli texnologiyalarni qanchalik samarali va savodli qo‘llashiga bog‘liq. Internet-sotuvlar yangi mijozlar oqimini ta'minlaydi va o‘z ishining salohiyatini to‘laqonli ravishda amalga oshirish imkonini beradi. Iqtidorli hunarmandlar, shinam mehmonxonalar va autentik muassasalar sohiblari xorijda taniladilar. Savdo nuqtalari, salonlar, trenajer zallari, o‘quv kurslarining egalari ona shaharlari yoki tumanlarida maqsadli auditoriyaga ega bo‘ladilar. Elektron tijorat maktabimiz raqamli makonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun amaliy vositalarni taqdim etadi”, — deya so‘zladi Mastercard'ning O‘zbekistondagi bosh direktori Denis Filippov.
Maktab platformasida O‘zbekiston tadbirkorlarining intervyulari va muvaffaqiyat tarixlari chop etiladi. Kurslar uchun platforma yaratish ustida IMPRO kompaniyasi shug‘ullandi.
“Zamonaviy tadbirkorlik ekotizimini yaratish uchun kichik va o‘rta biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha choralar zarur. e-commerce maktabi KO‘B vakillariga digital-makonda faoliyatni kengaytirishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Biz mazkur tashabbus yordamida O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘sha olishimizga astoydil ishonamiz”, — qayd etdi IMPRO bosh direktori Arujan Mede.
Elektron tijorat maktabining o‘quvchilari har oylik sovg‘alar o‘ynalishining qatnashchisi bo‘ladilar. G‘oliblar o‘tilgan materiallar soni, bajarilgan uy vazifalari sifati va testlar natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
https://ecomschool.uz/ havolasi orqali Elektron tijorat maktabi dasturi bilan tanishish va o‘qishni boshlash mumkin.
