“Tashqi savdo jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish va shaffoflik” mavzusidagi tahliliy maqola
2026-02-18 10:50:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida xalqaro savdo davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi. Global bozorlar bilan integratsiyalashuv, eksport salohiyatini oshirish hamda yangi savdo hamkorlarini jalb etish jarayonlari mamlakat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bunda tashqi savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda adolatli va ochiq savdo muhitini yaratish alohida ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, ushbu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish tizimini takomillashtirish, eksport-import jarayonlarini soddalashtirish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash masalalari alohida ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.
Ma’lumki, tashqi savdo jarayonlarida korrupsiyaning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillardan biri – bu murakkab tartib-taomillar
va axborot yetishmovchiligi hisoblanadi. Shu sababli Investitsiyalar, sanoat
va savdo vazirligi tomonidan savdo bilan bog‘liq barcha jarayonlarni imkon qadar ochiq, shaffof va tushunarli qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda eksport va import jarayonlari bilan bog‘liq ko‘plab xizmatlar elektron platformalar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa inson omilini kamaytirish bilan birga, noqonuniy aralashuvlar ehtimolini ham sezilarli darajada qisqartirmoqda.
Shuningdek, vazirlik tomonidan tashqi savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari, tadbirkorlar uchun moliyaviy va tashkiliy ko‘mak mexanizmlarini takomillashtirish, yangi eksport bozorlarini izlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro savdo maydonlariga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi ham tashqi savdo sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Elektron ma’lumotlar bazalari, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari va onlayn xizmatlar orqali savdo jarayonlarining barcha bosqichlari qamrab olinmoqda. Natijada jarayonlarning shaffofligi oshib, inson omili bilan bog‘liq xavflar kamaymoqda.
Misol uchun, vazirlik huzuridagi “Raqamlashtirish markazi” MChJ tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari va mas’ul idoralar faoliyatini axborot-texnologik jihatdan sifatli va samarali tashkil etish, barcha zarur ma’lumot va xizmatlarni yagona “Tashqi savdo” portali orqali jamlab, ushbu axborot tizimini ishga tushirish chora-tadbirlari olib borilmoqda.
Ushbu loyiha natijasida barcha tashqi savdo ma’lumotlari yagona markazlashgan tizimda boshqariladi, eksportchilar uchun ariza topshirish va uni ko‘rib chiqish jarayonlari sezilarli darajada soddalashadi, tadbirkorlar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro muloqot ochiqligi oshadi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqaradi hamda tashqi savdo sohasining umumiy raqamlashish darajasi yanada oshadi.
Bundan tashqari, tashqi savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlashda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda vazirlik tomonidan biznes vakillari bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammo va takliflari o‘rganilmoqda. Bu esa savdo jarayonlarini yanada takomillashtirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik tizimida komplayens nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada xodimlarning korrupsiyaga qarshi madaniyatini oshirish, xizmat vazifalarini bajarishda halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Bugungi kunda xalqaro savdo tizimida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligi ko‘p jihatdan shaffof boshqaruv tizimi va korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarning mavjudligiga bog‘liqdir. Shu sababli tashqi savdo jarayonlarida adolatli va ochiq muhitni ta’minlash nafaqat ichki iqtisodiy rivojlanish, balki mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Vazirlik tashqi savdo tizimini modernizatsiya qilish, savdo jarayonlarini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida izchil islohotlarni davom ettirmoqda. Mazkur islohotlar natijasida mamlakatimiz eksport salohiyati ortib, xalqaro savdo hamkorlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada kengayib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, tashqi savdo jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni ta’minlash iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar savdo tizimini yanada samarali, ochiq va adolatli qilishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro savdo maydonidagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
