Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi
2025-12-15 18:35:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkentda so‘nggi yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va import o‘rnini bosuvchi loyihalarni ilgari surishda samarali platformaga aylangan navbatdagi Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ISSV vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari qatnashdi.
Yarmarkaning o‘ziga xos jihati mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv hisoblanadi. Tadbir doirasida import qilinayotgan mahsulotlar tahlil qilinib, ustuvor tovar guruhlari shakllantirilmoqda hamda ularni respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyor investitsiya takliflari ishlab chiqilmoqda. Yarmarkada iqtisodiyotning turli tarmoqlarini qamrab olgan 100 dan ortiq istiqbolli loyiha takliflari taqdim etilgan.
Yarmarka besh kun davomida “O‘zekspomarkaz” hududidagi to‘rtta pavilyonda o‘tkazilmoqda. Unda qariyb 5 mingta tarmoq va hududiy korxonalar ishtirok etib, 780 ta kompaniya 6 200 dan ortiq mahsulot turlarini namoyish qilmoqda. Shuningdek, tadbirda 70 dan ziyod xalqaro brend va yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilar vakillari qatnashmoqda.
Yarmarka yakunida yangi kooperatsion kelishuvlar imzolanishi, investitsiya loyihalarini ishga tushirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish kutilmoqda.








