Manfaatdor tomonlar O‘zbekiston suv resurslarini boshqarish mavzusini muhokama qilishdi
2024-05-02 14:15:00 / Yangiliklar

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi v.b. Dilshod Azimov Shveysariya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qo‘shma pilot loyiha tajribasi haqida ma’lumot berdi. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, bu tajriba suv ta’minoti choralari va mintaqaning ekologik xavfsizligini sezilarli darajada yaxshilashga imkon berdi.
Shuningdek, Dilshod Azimov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy rivojlanish yo‘nalishlarining orasida mamlakat aholisining 90%ini toza suv bilan ta’minlash ham borligini ta’kidladi:
— Ushbu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan, jumladan Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, biznes hamda davlat bilan faol hamkorlik qilish zarur.
O‘z navbatida, SWS kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Abdul Vahab Sharif “O‘zsuvta’minot” bilan birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyiha bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi eng yirik loyiha bo‘lishi kutilmoqda va u Salar va Bektemir suv resurslaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Abdul Vahab Sharif Abu Dabidagi suv yig‘ish, tozalash va qayta foydalanishni o‘z ichiga oluvchi suv tizimi bilan ishlash tajribasi haqida gapirdi. U O‘zbekistonda shunga o‘xshash texnologiyalar va yondashuvlarni joriy etish umidini bildirdi. Qayd etish joiz, mazkur texnologiyalar mamlakatda suv resurslarini samarali tasarruf etish borasida yangi qadam bo‘ladi.
Tadbirda davlat, biznes va jamiyatning suv muammolarini hal etish hamda ushbu muhim yo‘nalishdagi kelgusi xavf-xatarlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida hamkorligining ahamiyati ta’kidlandi.









