Davlat dasturi obyektlari qurilishi muhokama markazida
2026-06-02 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining katta majlislar zalida davlat dasturlari doirasida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlari, xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablari binolarining qurilish jarayonlari, ularni belgilangan muddatlarda va sifat talablariga muvofiq foydalanishga topshirish holati yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda buyurtmachi tashkilotlar, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari hamda boshqarma vakillari, shuningdek, sohaga daxldor barcha mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Muhokama davomida davlat dasturiga kiritilgan obyektlarning bugungi kundagi holati, qurilish-montaj ishlarining borishi, sifat ko‘rsatkichlari, qurilish madaniyatiga rioya etilishi hamda obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Har bir obyekt bo‘yicha joylarda olib borilgan o‘rganishlar natijalari yig‘ilish zalidagi katta ekranda namoyish etilib, qurilish maydonlaridagi mavjud holat yuzasidan batafsil tahliliy muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, mas’ul tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining hisobotlari tinglanib, aniqlangan kamchiliklar hamda muammolarning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, barcha umumta’lim maktablari yangi o‘quv yiliga qadar to‘liq tayyor holatga keltirilishi, o‘quvchilar uchun xavfsiz va zamonaviy sharoitlar yaratilishi zarur.
Yig‘ilish davomida ayrim obyektlarda qurilish ishlarining sust sur’atlarda olib borilayotgani, ishchi kuchi va texnikalardan samarali foydalanilmayotgani, buning natijasida belgilangan grafiklardan ortda qolish holatlari kuzatilayotgani keskin tanqid qilindi. Mazkur kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga qat’iy ogohlantirishlar berilib, mavjud muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, qurilish ishlarini jadallashtirish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Alohida qayd etilganidek, qurilish ishlarini tezlashtirish bilan bir qatorda, ularning sifati, mustahkamligi va amaldagi qurilish me’yorlari hamda texnik reglamentlarga to‘liq rioya etilishi ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Har bir obyektning sifatli va belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi bo‘yicha mas’ullarning shaxsiy javobgarligi kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, barcha obyektlarda qurilish jarayonlarini doimiy monitoring qilish, mavjud kamchiliklarni tezkor bartaraf etish hamda obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



