Bugun “Inson uchun – 2026” III an’anaviy festivaliga start berildi
2026-05-12 17:20:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun “Inson uchun – 2026” III an’anaviy festivaliga start berildi.
Ijtimoiy himoya, inklyuziv ta’lim, bandlik va tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi ilg‘or tashabbuslarni bir maydonda jamlagan mazkur festivalning ochilish marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etib, tadbirga rasman start berdi.
Festivalda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ham qatnashdi. Tadbir davomida u imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, hayotda o‘z o‘rnini topgan, mehnati va qat’iyati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan bir qator tashabbuskorlarni alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, Ozoda Jo‘rayeva imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishib, ulardan o‘zi va oila a’zolari uchun mahsulotlar xarid qildi. Bu festivalning asosiy g‘oyasi — inson qadri, inklyuzivlik va har bir insonni qo‘llab-quvvatlash tamoyillarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Festival doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikni kengaytirish va ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuv va shartnomalarga erishildi.
Mazkur festival mamlakatimizda inson qadri va ijtimoiy himoya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etuvchi muhim platforma sifatida o‘z ishini davom ettirmoqda.




