Ozoda Jo‘rayeva Farg‘onada boshqaruv organlari bilan uchrashdi
2026-05-09 11:05:00 / Vazirlik yangiliklar

Aholi roziligini ta’minlash hamda xizmatlar sifatini oshirish maqsadida vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligida Farg‘ona viloyatidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari — BSKlar, shirkatlar va o‘z-o‘zini boshqaruvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida hududlarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy ruhda tahlil qilinib, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, ayrim boshqaruv organlari tomonidan aholi murojaatlariga befarq yondashilayotgani, fuqarolar bilan muloqot va tushuntirish ishlari sust olib borilayotgani, xizmat ko‘rsatish sifati esa talab darajasiga javob bermayotgani keskin tanqid qilindi.
Shuningdek, debitor qarzdorlikning ortib borayotgani, ayrim boshqaruv organlarining billing tizimiga to‘liq ulanmagani, moliyaviy hisob-kitoblarda shaffoflik yetarli emasligi ham alohida qayd etildi.
Mas’ullarga xizmatlar sifatini yaxshilash, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, murojaatlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqish, billing tizimiga to‘liq integratsiyani ta’minlash hamda qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish va tizimdagi ishlarni tartibga solish bo‘yicha mutasaddilarga qat’iy vazifalar yuklatildi. Belgilangan topshiriqlar ijrosi doimiy nazorat ostida bo‘lishi ta’kidlandi.
— Aholi roziligi — bizning eng asosiy mezonimiz. Har bir boshqaruv organi odamlarning ishonchini oqlashi, ularning murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Zamonaviy va shaffof tizim bo‘lmasa, sohada natija ham bo‘lmaydi. Endi har bir rahbar o‘z faoliyatini aniq natijalar bilan ko‘rsatishi shart, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Yig‘ilishda kelgusida sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish sifati va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.



