Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-05-05 18:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Ko‘p qavatli uy-joylarga sifatli xizmat ko‘rsatish bugungi kunda shaharlarda qulay va xavfsiz turmush muhitini ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi kommunal xizmatlar, tozalik, muhandislik tarmoqlarining uzluksiz ishlashi va uy-joy fondining saqlanishi ushbu soha samaradorligiga chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Obidjon Mo'minov hamda Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Diyor Mirzaahmedov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va xizmatlar sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kommunal xizmatlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarorning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
📌 Shuningdek, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining “Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat loyihasi soha vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbir davomida boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari o‘z faoliyatlarida uchrayotgan muammolar yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi. Yakunda ishlab chiqilgan takliflar yakuniy qaror loyihasida aks ettirilib, shaharda boshqaruv tizimini yanada yaxshilash hamda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.



