“Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasini o‘tkazish tartibi joriy etildi
2026-05-05 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-martdagi 109-son qarori — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda qog‘oz sarfini keskin kamaytirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Mazkur qarorga muvofiq, har oyda kamida bir marotaba “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasini o‘tkazish va ushbu kun davomida hujjatlar aylanishini to‘liq elektron shaklda tashkil etish belgilangan.
Shu bois, vazirlik va uning tizim tashkilotlarida ish samaradorligini oshirish, xususan, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida har oyning ikkinchi haftasi - seshanba kuni “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasini o‘tkazish tartibi joriy etildi. Mazkur tashabbus doirasida xodimlar o‘rtasida elektron hujjat aylanish tizimidan samarali foydalanish, raqamli madaniyatni oshirish va ortiqcha qog‘oz sarfini oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 5-may kuni bo'lib o'tgan tadbir davomida barcha ichki xizmat yozishmalari, buyruqlar, yig‘ilish bayonnomalari, hisobotlar hamda boshqa turdagi hujjatlar to‘liq elektron shaklda yuritildi. Xodimlar tomonidan elektron tizimlardan faol foydalanildi hamda hujjatlar almashinuvi tezkor, qulay va shaffof tarzda amalga oshirildi.
Shuningdek, mazkur ekoaksiya nafaqat ish jarayonlarini optimallashtirish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, qog‘oz iste’molini kamaytirish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida ham ushbu tashabbusni izchil davom ettirish, uni yanada takomillashtirish va barcha tarkibiy tuzilmalarda keng joriy etish rejalashtirilgan.





