TABRIK! "Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni"
2026-04-18 09:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar! Aziz kommunal soha xodimlari!
Siz azizlarni 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Hurmatli yurtboshimizning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini barchamiz katta mamnuniyat bilan tingladik. Ushbu samimiy e’tirof va yuksak baho har birimizda faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi. Shu bilan birga, bildirilgan ishonch va yuklatilgan vazifalar zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshirganini barchamiz chuqur his qilib turibmiz.
Chunki kommunal soha bu oddiy faoliyat emas, balki har bir insonning kundalik hayoti, xonadonlar farovonligi va yurt taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan o‘ta muhim tizimdir. Aholini ichimlik suvi, issiqlik, tozalik va qulay yashash muhiti bilan ta’minlash kabi sharafli vazifalar aynan sizlarning fidokorona mehnatingiz orqali amalga oshirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida sohani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Erishilayotgan natijalar, eng avvalo, sizlarning mehnatsevarligingiz, kasbiy mahoratingiz va yuksak mas’uliyatingiz samarasidir.
Hurmatli soha vakillari!
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar, oldimizga qo‘yilgan ulkan vazifalar va belgilab olingan maqsadlar — barchasi sizlarning bilimingiz, tajribangiz va sadoqatingizga tayanadi. Shu bois, har biringizning mehnatingiz yuksak e’tirofga loyiq. Sizlarning sharafli mehnatingizni qadrlaymiz va bundan buyon ham munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz.
Yana bir bor barchangizni kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘lik, oilangizga baxt va xotirjamlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda omad doimo hamroh bo‘lsin!
Sherzod Hidoyatov
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
