Qirg‘iziston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-04-16 17:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida vazir o‘rinbosari Toir Alimatov Qirg‘iziston Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baktiyar Stanbekov boshchiligidagi delegatsiyani kutib oldi. Qirg‘iziston tomonidan, shuningdek, Davlat arxitektura-qurilish nazorati departamenti direktori ham uchrashuvda ishtirok etdi.
Unda mehmonlarga mamlakatimizda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish, tizimni modernizatsiya qilish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, sohada keng joriy etilayotgan raqamli yechimlar, jumladan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi imkoniyatlariga to'xtalib o'tildi. Mazkur tizim orqali qurilish jarayonlarini bosqichma-bosqich monitoring qilish, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, inson omilini qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, Davlat arxitektura nazorati yo‘nalishida joriy etilgan zamonaviy yondashuvlar, jumladan masofaviy va onlayn nazorat tizimlari, qurilish obyektlarini raqamli kuzatish, nazorat jarayonlarining tezkorligi va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda institutsional hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.



