Ichimlik suvi ta’minoti obyektlarini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbir davom etmoqda
2026-04-14 14:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida ichimlik suvi ta’minoti obyektlarini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbir davom etmoqda. Unda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi islohotlar va kelgusi rejalar muhokama qilinmoqda.
Tadbirda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva so‘zga chiqib, loyihalarning ahamiyati, erishilgan natijalar va bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, 2025-yilda respublikamizning 9 ta mahallasida ushbu yo‘nalishda yirik loyihalar amalga oshirilgan. Davlat tomonidan ajratilgan 50 milliard so‘m hamda aholi tomonidan kiritilgan qariyb 6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 14 ta inshoot barpo etilib, 231 kilometr suv tarmoqlari tortilgan.
Natijada 40 ming nafardan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangani qayd etildi. Bu esa nafaqat raqam, balki minglab oilalar hayotidagi muhim ijobiy o‘zgarish ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari ushbu jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar, mahalla faollari, mahalliy hokimliklar, quruvchilar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlanganidek, loyihalar doirasida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari orqali aholining o‘z infratuzilmasini mustaqil boshqarish imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini oshirish maqsadida muntazam o‘quv seminarlar va treninglar o‘tkazilmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan o‘quv tadbirlari ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar va soha xodimlariga samimiy tilaklar bildirilib, yaqinlashib kelayotgan kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tabriklar yo‘llandi.



