Respublikada uy-joylarga xizmat ko’rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o’tkazildi
2026-04-10 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Respublikada uy-joylarga xizmat ko’rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o’tkazildi.
Yig‘ilishni vazir o‘rinbosari Ozoda Joʻrayeva olib bordi.
Unda qayd etilganidek, sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosi talab darajasida emas. Ayrim hududlarda “hisobot bor — natija yo‘q” tamoyili shakllangani keskin tanqid qilindi.
Kadrlar bilan ishlashdagi sustkashlik, hududiy dasturlarni ishlab chiqishdagi mas’uliyatsizlik, mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirmaslik holatlari tizimli muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, aholiga qulaylik yaratish o‘rniga, ayrim boshqaruv organlari tomonidan asossiz to‘lovlar kiritilayotgani, “Mening uyim” billing tizimidagi kamchiliklar va korrupsiyaviy holatlar keskin qoralandi.
Fuqarolarning muammolari joyiga chiqib hal etilmayotgani, murojaatlar sun’iy ravishda boshqa idoralarga yo‘naltirilayotgani aholi noroziligiga sabab bo’layotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida vazir o‘rinbosari qat’iy pozitsiya bildirdi:
- Bizga qog‘ozdagi hisobot emas, amaldagi natija kerak. Har bir rahbar o‘z hududidagi holat uchun shaxsan javobgar. Asossiz to‘lovlar, sustkashlik va mas’uliyatsizlikka nisbatan murosasiz choralar ko‘riladi,- dedi O.Jo’rayeva.
Shuningdek, barcha hududlarga aniq muddatlar belgilab berildi.
Kommunal sohada tartib, shaffoflik va intizomni ta’minlash — bugungi kunning eng dolzarb vazifasi ekani yana bir bor ta’kidlandi.



