Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish — islohotlarga xiyonat
2026-04-03 14:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida korrupsiya bilan bogʻliq holatlar yuzasidan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda hududiy boshqarmalar rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida kommunal sohada yuzaga kelayotgan tizimli kamchiliklar chuqur tahlil qilindi. Xususan, “Shaffof qurilish” platformasi orqali qator yoʻnalishlar raqamlashtirilganiga qaramay, ayrim jarayonlarda inson omilining saqlanib qolayotgani keskin tanqid qilindi. Bu esa korrupsion xavf-xatarlarning yuzaga kelishiga zamin yaratayotgani alohida qayd etildi.
Aniqlangan kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim boshqarma rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi, jumladan, hayfsan eʼlon qilindi.
Yigʻilishda sohaga doir muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish maqsadida 30 kunlik favqulodda holat joriy etilishi belgilandi. Ushbu davr mobaynida kommunal sohaning raqamlashtirilmagan barcha yoʻnalishlarini toʻliq raqamlashtirish, inson omilini maksimal darajada cheklash boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi. Belgilangan topshiriqlar ijrosini kechiktirgan yoki faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan keskin choralar qoʻllanilishi boʻyicha qatʼiy ogohlantirildi.
Yigʻilish yakunida korrupsiyaga yoʻl qoʻyish har qanday islohotlarga xiyonat ekani yana bir bor qatʼiy taʼkidlandi hamda bu borada murosasiz yondashuv davom ettirilishi belgilab olindi.







