Texnik hamkorlik loyihasining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-03-31 16:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun vazirlik huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Koreyaning Yer va infratuzilma xavfsizligi bo‘yicha agentligi (KALIS) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekistonda bino va inshootlar xavfsizligini tekshirish va mustahkamlash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha texnik hamkorlik loyihasi” grant loyihasining asosiy yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ko‘magida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Muhokamalar jarayonida bino va inshootlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etish va ularni ilg‘or texnik uskunalar bilan jihozlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda — maktablar va tibbiyot muassasalarida pilot texnik ko‘rik va mustahkamlash ishlarini amalga oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Tomonlar mazkur loyiha mamlakatimizda qurilish sohasida xavfsizlik darajasini oshirish, mavjud infratuzilmaning texnik holatini tizimli baholash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.




