Vazir o‘rinbosari Yaponiyada kommunal infratuzilmani rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklik asosidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda
2026-03-30 10:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ayni kunlarda Yaponiyada bo‘lib, kommunal infratuzilmani rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklik asosidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda.
Xususan, Yaponiyaning Miura shahridagi oqova suvlarni tozalash inshooti faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Inshoot ekologik boshqaruv hamda samarali kommunal xizmatlar tizimi bilan ajralib turadi.
Ayniqsa, ushbu inshoot DXShning konsessiya modeli asosida tashkil etilgani e’tiborga molik. Ya’ni, davlat infratuzilma ustidan strategik nazoratni saqlab qolgan holda, uni boshqarish va operatsion samaradorlikni xususiy sektor zimmasiga yuklaydi.
Oqova suvlarni tozalash jarayonlari real vaqt monitoringi orqali boshqariladi, bu esa ekologik xavfsizlik va resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydi.
Shuningdek, mazkur o‘quv dasturida 80 ga yaqin davlatlardan mutaxassislar ishtirok etayotgani xalqaro tajriba almashinuvi uchun muhim platforma yaratmoqda.
Bunday ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va milliy sharoitga moslashtirish orqali mamlakatimizda suv ta’minoti va sanitariya tizimini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati yaratilmoqda.



