Toshqin va sel oqimlari xavfini kamaytirishda — tizimli yondashuv ustuvor yo‘nalishda
2026-03-28 18:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni erta aniqlash va ularning salbiy oqibatlarini keskin kamaytirish borasida izchil davlat siyosati yuritilmoqda. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan toshqin suvlari, sel oqimlari, qor ko‘chishi va yer ko‘chishi hodisalari xavfini minimallashtirish, hududlarning muhandislik barqarorligini mustahkamlash hamda mavjud infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Mazkur ustuvor yo‘nalishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-mart kungi “Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chishi hamda yer ko‘chishi xavfini kamaytirish bo‘yicha” bayonnomasi ijrosini ta’minlash yuzasidan hududlarda tizimli, kompleks va manzilli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari tomonidan Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani “Markaz” MFY hududidan oqib o‘tuvchi "Asaka tashlamasi" da o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur o‘rganishlar jarayonida hududning gidrologik xususiyatlari, suv oqimlarining shakllanishi va harakatlanish dinamikasi, mavjud gidrotexnik inshootlarning texnik holati hamda ularning amaldagi yuklama sharoitidagi samaradorligi chuqur tahlil qilindi. Shu bilan birga, suv o‘tkazish quvvatining yetarliligi, o‘zanlarning holati, qirg‘oq mustahkamlash inshootlarining ishonchliligi va ehtimoliy xavf zonalari aniq mezonlar asosida baholanib, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar oʼrganildi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xususan, suv o‘zanlarini mexanik tozalash va kengaytirish, qirg‘oq himoya inshootlarini mustahkamlash, gidrotexnik obyektlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularning uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha aniq muddatlar va ijrochilar kesimida manzilli chora-tadbirlar belgilandi. Shu bilan birga, tegishli tashkilotlarga ijro intizomini kuchaytirish, nazoratni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda profilaktik tadbirlarni uzluksiz davom ettirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.



