Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-03-16 14:40:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda shunga oʻxshash holatda bino buzilyapti, Termizdagi nima boʻlarkan…”, sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Termiz shahri Alisher Navoiy koʻchasi va loyihaviy 7/7 koʻchalari kesishmasida Qurbonov Normoʻmin MCHJ buyurtmasi asosida koʻp qavatli turar joy binosi qurilishi uchun barcha zarur shaharsozlik hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur yer maydoni Termiz shahar hokimining 2018-yildagi qaroriga asosan dastlab 7 qavatli turar joy binosi qurish uchun ajratilgan. Keyinchalik loyihaga oʻzgartirish kiritilib, 2019-yilda qabul qilingan qarorga muvofiq binoning qavatlar soni 9 qavat qilib tasdiqlangan.
Obyekt boʻyicha arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi, arxitektura va shaharsozlik kengashi xulosalari hamda vakolatli ekspertiza tashkilotlarining ijobiy xulosalari mavjud. Shuningdek, binolarning texnik holati va zilzilabardoshligi boʻyicha litsenziyaga ega tashkilot tomonidan ijobiy texnik xulosa berilgan.
Qurilish-montaj ishlari davlat axborot tizimlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan. Qurilish jarayoni Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Xususan, obyektda:
• 21 marotaba monitoring,
• 14 marotaba nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan buyurtmachi va loyiha tashkilotlariga ularni bartaraf etish boʻyicha yozma koʻrsatmalar berilgan. Ayrim holatlarda texnik va mualliflik nazorati vakillari tomonidan ushbu koʻrsatmalar oʻz vaqtida bajarilmagani sababli ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 99-moddasi 1-qismiga muvofiq maʼmuriy jarima choralari qoʻllanilgan.
