“Vazir va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-03-05 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. “Vazir va yoshlar” formatida tashkil etilgan uchrashuv an’anaviy hisobot yoki rasmiy chiqishlardan ko‘ra, bevosita fikr almashish va tashabbuslarni tinglash ruhida o‘tdi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, “Yosh arxitektorlar laboratoriyasi”ni tashkil etish, shuningdek, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilayotgan shaharsozlik normalari va qoidalarini tayyorlash jarayonida loyiha institutlari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga, yosh mutaxassislar o‘z faoliyatida uchrayotgan ayrim masalalar va takliflarini ham ochiq muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida vazir qurilish sohasini modernizatsiya qilishda yoshlarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ayniqsa raqamlashtirish yo‘nalishida yangi g‘oya va takliflarni kutayotganini qayd etdi.
Mazkur muloqot yosh mutaxassislarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini amaliy loyihalarda ro‘yobga chiqarish hamda sohani innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.




