Ishchi guruh Chilonzordagi tadbirkorlik faoliyatini ko‘zdan kechirmoqda
2026-03-04 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva, Bosh prokuror o’rinbosari Salom Samadov, Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari o’rinbosari Azlar Sodiqov, hokimlik mas’ullari va boshqa mutasaddilardan iborat ishchi guruh Chilonzor tumanidagi ko’p qavatli uylarning umumfoydalanish qismlaridan tadbirkorlik maqsadida foydalanish holatlarini o’rganmoqdalar.
Maqsad - ko’p qavatli uylarning umumfoydalanish qismlaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, tartibga solish va daromad manbalari bo’yicha aholi xabardorligini oshirish orqali boshqaruv organlarining o’zboshimcha xatti-harakatlarini oldini olishdan iborat.
Jarayonda uylarning fasad, tom va yerto’lasidan unumli foydalangan holda texnik holatini yaxshilashga yo’naltirish faqat aholi roziligi hamda ularning oldidagi qat’iy hisobdorlik asosida amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.
- Ko’p qavatli uylarning yerto’lasidan tadbirkorlik maqsadida foydalanishning bir necha talablari mavjud. Aholimiz osoyishtaligiga ta’sir o’tkazmaydigan, aksincha ularning og’irini yengil qiladigan xizmatlarni shakllantirish bugungi kun talabi, - dedi Ozoda Jo’rayeva.
Mutasaddilar mazkur hududdagi bir qator tadbirkorlik faoliyatlari bilan ham tanishdilar. Yakunda istiqbolli loyihalarni rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib olindi.


