Vazir o‘rinbosari Xorazm viloyatida bo’lib hududda amalga oshirilayotgan yirik qurilish loyihalari bilan tanishmoqda
2026-03-03 16:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov Xorazm viloyatida bo’lib, hududda amalga oshirilayotgan yirik qurilish loyihalari bilan tanishmoqda. O’rganish ishlarining dastlabki manzili Xiva shahrida barpo etilayotgan zamonaviy Kongress holl majmuasi bo’ldi.
Xizmat safari davomida vazir o‘rinbosari obyektning har bir yo‘nalishi va konstruktiv qismi kesimida bajarilayotgan ishlar sifati, qurilish me’yorlari va texnik talablarga rioya etilishi, loyiha-smeta hujjatlarining ijrosi hamda belgilangan muddatlarga amal qilinishi yuzasidan mas’ullarning hisobotini tingladi.
Shuningdek, binoning tashqi va ichki pardozlash ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish, zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kongress hollning kelgusida xalqaro anjumanlar, forumlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun qulay va zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lishi ta’kidlandi.
T.Alimatov tomonidan qurilish jarayonida sifat nazoratini kuchaytirish, ishchi kuchi va texnik resurslardan samarali foydalanish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, obyektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish yuzasidan mas’ul tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Mazkur loyiha Xorazm viloyatining, xususan, Xiva shahrining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, hududda turizm va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


