Andijonlik yosh me’morlar uchun media-tur tashkil etildi
2026-02-26 19:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Andijon viloyatida qurilish sohasiga qiziqishi yuqori bo‘lgan, kelajakda o‘z faoliyatini me’morchilik va shaharsozlik yo‘nalishida davom ettirishni maqsad qilgan yoshlar uchun keng qamrovli media-tur tashkil etildi. Tashabbusning asosiy maqsadi viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy qurilish yondashuvlari hamda yirik infratuzilma loyihalari bilan yoshlarni yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar yangi ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli turar joy majmualari va muhim infratuzilma loyihalarida olib borilayotgan qurilish jarayonlarini bevosita kuzatdilar. Mutaxassislar tomonidan qurilishning bosqichma-bosqich tashkil etilishi, sifat nazorati tizimi, energiya tejamkor texnologiyalar hamda ekologik talablarga rioya etish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, soha rahbariyati va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilib, qurilish tarmog‘ida zamonaviy bilim va innovatsion yondashuvlar muhim o‘rin tutishi, yuqori mas’uliyat va doimiy o‘qib-o‘rganish kasbiy muvaffaqiyatning asosiy omili ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “Bobur” shahrida barpo etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar bilan yaqindan tanishib, qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar va sifat nazorati mexanizmlari haqida amaliy tushunchalarga ega bo‘ldilar.
Mazkur media-tur Startup loyihasi doirasida yoshlarning zamonaviy qurilish sohasiga qiziqishini oshirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda amaliy tajribasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.




