Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Navoiy viloyatida
2026-02-24 14:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Navoiy viloyatida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan qurilish va infratuzilmaviy loyihalar ijrosi bilan tanishdi.
Tashrif doirasida Prezident tomonidan imzolangan “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–58-sonli qaror ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi. Xususan, Karmana tumanida amalga oshirilayotgan qurilish jarayonlari atroflicha oʻrganildi.
Karmana tumanining bosh rejasi asosida ayrim hududlarni renovatsiya qilish, markaziy koʻcha hamda uchta ichki koʻchani etnik uslubda rekonstruksiya qilish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va “Qadimiy Karmana” turistik markazini tashkil etish loyihasi yuzasidan Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari tomonidan axborot berildi.
Shuningdek, viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali turar joy fondini 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda navbatdagi vazifalar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosarining taqdimoti tinglandi.
Hududdagi issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish, mavjud infratuzilmani bosqichma-bosqich yangilash va issiqlik energiyasi yoʻqotishlarini kamaytirish choralari boʻyicha Navoiy viloyati “Issiqlik taʼminoti” MCHJ direktori Anvar Boʻriyev axborot berdi.
Har bir taqdimot yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda koʻrib chiqildi. Vazir tomonidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.



