Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-02-24 11:00:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Shamolda yiqilmaydimi bu uy” sarlavhasi ostida tarqalgan video eski holat boʻlib, u ilgari ham yoritilgan.
Mazkur holat 2023-yil 15-mart kuniyoq koʻrib chiqilgan va qonunchilikka muvofiq choralar koʻrilgan. Obyekt Navoiy viloyati Zarafshon shahrida joylashgan.
Loyiha hujjatlariga koʻra, bino yigʻma temir-beton konstruksiyalar asosida ramali tipda qurilishi, tashqi devorlar esa gazoblok bilan toʻldirilishi belgilangan. Biroq videoda aks etgan gazobloklarni asosga mahkamlash tartibi, bogʻlash va mustahkamlash chizmalari loyiha hujjatlarida aniq koʻrsatilmagan.
Shu munosabat bilan hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan:
– “ToshuyjoyLITI” AJ Navoiy filiali masʼul xodimiga;
– “Zarafshan Golden Group” MCHJ masʼul xodimiga;
– qurilish-pudrat va loyiha tashkiloti vakillariga nisbatan
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 99-moddasi tegishli qismlari asosida maʼmuriy choralar qoʻllanilgan.
Sifatsiz bajarilgan gazoblok terish ishlari hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 15 kun oldin aniqlanib, joyida buzdirilgan.
Maʼlumot uchun: obyekt boʻyicha jami 135 marotaba monitoring oʻtkazilgan, 32 ta majburiy koʻrsatma berilgan. Kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etilmagani va loyihadan chetlanish holatlari sababli masʼul shaxslarga nisbatan 5 marta maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanilgan.
