Vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari xodimlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo’ldi
2026-02-22 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari xodimlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo’ldi.
Tashrif davomida markazda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ekspozitsiya zallari hamda yurtimiz hududida shakllangan boy ilmiy va me’moriy meros namunalari bilan yaqindan tanishildi. Xususan, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan, me’morchilik va shaharsozlik sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur markaz milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, inshootning zamonaviy me’moriy yechimlari va qurilish jarayonida qo‘llanilgan innovatsion yondashuvlar soha mutaxassislari uchun alohida qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur tadbir xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, tarixiy merosimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda kasbiy faoliyatda milliy me’morchilik an’analaridan samarali foydalanish borasida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.





