Uyingiz taqdirini faqat siz belgilaysiz!
2026-02-10 20:00:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari tomonidan belgilanayotgan tariflar bo‘yicha e’tirozlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Ko‘p qavatli uy — undagi mulkdorlarning umumiy mulki. Xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organini belgilash va tariflar miqdorini tasdiqlash bo‘yicha qarorlar bevosita mulkdorlar tomonidan qabul qilinadi.
Endilikda mazkur jarayonlar raqamli maydonga ko‘chib, “Mening uyim” billing tizimida amalga oshiriladi. Agar mulkdorlar taklif etilayotgan shartlardan norozi bo‘lsa, qonunchilik ularga boshqa boshqarish organini va narxni tanlash imkonini beradi.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 48-son qarori bilan boshqaruv organlariga qat’iy talablar belgilandi.
Xususan, har bir ko‘p qavatli uy uchun joy mulkdorlari nomiga bank hisob raqami ochiladi. Boshqaruv organlari bank hisob raqamlaridagi mablag‘lardan faqat yillik ish rejasi va smetaga muvofiq ish xarajatlari uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan summasi doirasida foydalana oladi.
Shuningdek, boshqaruv organlarining hisobdorligi kuchaytirilib, har chorakda aholiga qilingan ishlar bo‘yicha “Mening uyim” billing tizimi orqali ma’lumot berish talabi qo‘yildi. Agar boshqaruv organi tizimga ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritmasa, keyingi oydan majburiy badal to‘lovlarning hisobi yuritilishi to‘xtatiladi.
Ta’kidlash lozimki, vazirlik tomonidan ko‘p qavatli uylarni lozim darajada saqlash uchun minimal tarif hisob-kitoblari ishlab chiqilgan. Shu bilan birga har bir ko‘p qavatli uyning xususiyati va mulkdorlarning talablaridan kelib chiqqan holda boshqaruv organlari majburiy talablarga qo‘shimcha tarzda o‘z xizmatlarini taklif qilishi mumkin. Ammo bu jarayon faqatgina aholi roziligi asosida amalga oshiriladi.
Vazirlik mulkdorlarni umumiy yig‘ilishlarda faol ishtirok etishga, tariflar va xizmatlar tarkibini ochiq muhokama qilishga chaqiradi. Faqat faol mulkdorlik pozitsiyasi orqali uy-joylarni samarali boshqarish va asossiz xarajatlarning oldini olish mumkin.
