Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi boshlandi
2026-02-04 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi boshlandi.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik mutaxassislari hamda loyiha bo‘yicha ishchi guruh vakillari ishtirok etmoqda. Vazir o‘rinbosari Davronjon Adilov qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:
“Sohada olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — aholi uchun xavfsiz va sifatli yashash muhitini yaratish hamda shaharsozlik faoliyatida davlat nazoratini yangi bosqichga olib chiqishdir”.
Muhokamalar davomida master reja institutini joriy etish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish, shuningdek, qurilish jarayonlarida ruxsat va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Ta'kidlanganidek, qonun loyihasi muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Master reja instituti kichik hududlarni tezkor va qonuniy tarzda rejalashtirish hamda qurilish boshlash imkonini beruvchi samarali mexanizm sifatida joriy etiladi. Shu bilan birga, xavfi yuqori bo‘lgan obyektlar va ko‘prik hamda tunnellarni loyihalash va qurish uchun litsenziyalar belgilangan 5 yil muddatga beriladi, bu sohada faqat professional va barcha talablariga javob beradigan tashkilotlar faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Qurilish-montaj ishlarini boshlash esa nazorat inspeksiyasidan ruxsat olish orqali amalga oshiriladi, bu esa salbiy amaliyotga chek qo‘yadi va xavfsizlikni dastlabki bosqichdan kafolatlaydi.
Ushbu o‘zgarishlar aholi hayoti va sog‘lig'ini muhofaza qilish, qurilish jarayonlarini samarali va shaffof tashkil etishi bilan ahamiyatli, shuningdek, tadbirkorlar uchun hech qanday to‘siq yaratmaydi.
Tanishuv va muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar qonun loyihasini yanada takomillashtirishda inobatga olinishi belgilanmoqda.




