Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-01-26 14:00:00 / Rasmiy munosabat

“Gazeta.uz” nashri orqali e’lon qilingan material yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Qonunchilikka muvofiq, ko‘p qavatli uylarning boshqaruv uslubi faqatgina mulkdorlar tomonidan mustaqil ravishda tanlanadi. Bugungi kunda ko‘p qavatli uyni boshqarishning uchta qonuniy shakli mavjud: boshqaruv servis kompaniyalari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda o‘z-o‘zini boshqaruvchi organlar.
Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, ko‘p qavatli uylarning texnik holatini yaxshilash va xavfsiz yashash sharoitini ta’minlash maqsadida sohada islohotlarni izchil davom ettirish muhim. Shu ma’noda tizimning muammoli tomonlari doimo e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Ammo, sohani takomillashtirishga qaratilgan har qanday taklif, g‘oya yoki tashabbuslar faqat mulkdorlar manfaatlari va ularning roziligi orqali amalga oshiriladi.
Ta’kidlash lozimki, maqolada keltirilgan ma’lumotlar rasmiy-qonuniy kuchga ega emas. Vazirlik sohada tizimni takomillashtirish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Unutmangki, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha boshqaruv organlari o‘z faoliyatini vijdonan, qonunchilik talablari va aholi oldidagi mas’uliyatini to‘liq ado etish asosida amalga oshirsa, davlat tomonidan kafolatli himoya qilinadi, shuningdek, qonuniy huquqlari va vakolatlari qo‘llab-quvvatlanadi.
Shu bilan birga, mulkdorlar manfaatini himoya qilish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida quyidagi tizimlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda:
Boshqaruv organlarining mulkdorlar oldidagi choraklik hisobotlari tizimi “Mening uyim” billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
Tizim orqali boshqaruv organlari va ularning xodimlari faoliyati mulkdorlar tomonidan baholanadi. Mulkdorlar salbiy baholar bergan hollarda boshqaruv organlariga nisbatan nazorat tadbirlari (tekshiruvlar) tashkil etiladi va qonuniy tartibda choralar ko‘riladi.
Boshqaruv organiga nisbatan ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar “Mening uyim” billing tizimi orqali mulkdorlarga ochiq ravishda taqdim etib boriladi.
