Davlat xaridlari sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilandi
2026-01-20 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq quyidagilar 2030-yilgacha davlat xaridlari sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilandi:
(a) davlat xaridlarida raqobatli usullardan foydalanish darajasini 80 foizga yetkazish;
(b) davlat xaridlarida iqtisod qilingan mablagʻ miqdorini 25 trln soʻmga yetkazish;
(v) tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlaridagi faolligini ikki karra oshirish;
(g) davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 85 foizga yetkazish;
(d) davlat buyurtmachilarining xaridlar uchun masʼul boʻlgan malakasi oshirilgan xodimlari ulushi 98 foizdan kam boʻlmasligini taʼminlash.
Davlat xaridlari tizimida tejamkorlik va samaradorlikni oshirish
2026-yil 1-martdan boshlab davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining oʻrtacha bozor narxini sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Davlat buyurtmachisi davlat xaridini amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari predmetining oʻrtacha bozor narxini modulda shakllantiradi. Bunda:
(a) davlat xaridlari predmetining boshlangʻich narxi yoki shartnoma bahosi va uning moduldagi oʻrtacha bozor narxi oʻrtasidagi tafovut 10 foizdan ortiq yoxud 20 foizdan past boʻlsa, ushbu xaridlar davlat xaridlari sohasidagi davlat nazorati organlari tomonidan birinchi darajada tekshiriladigan yuqori xavf-xatar sifatida baholanadi va navbatdan tashqari tekshirish oʻtkazish uchun asos boʻladi;
(b) toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xaridlar moduldagi xarid predmetining oʻrtacha bozor narxidan oshmagan holda amalga oshiriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
