Soha faxriylari va professor-o‘qituvchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-01-16 15:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 431-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Arxitektura va qurilish sohasi Faxriylar kengashi raisi K.Tulyaganov tashabbusi bilan "Qishloq qurilish loyiha" institutida faoliyat yuritayotgan soha faxriylari hamda Toshkent Arxitektura va Qurilish universitetining professor-o‘qituvchilari, ustoz-murabbiylari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Faxriylar kengashiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, arxitektura va qurilish sohasini jadal rivojlantirishda faxriylarning boy hayotiy tajribasi, amaliy ko‘nikmalari va salohiyatidan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga zamonaviy talablarni amaliyotga izchil joriy etish, milliy arxitektura va madaniy an’analarni saqlagan holda ularni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda aniq takliflar ilgari surildi.
Muloqot davomida shahar va aholi punktlari hududlaridan samarali foydalanish, arxitektura-rejalashtirish yechimlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Bu jarayonda soha faxriylarining ko‘p yillik tajribasi yosh mutaxassislar uchun muhim metodik va amaliy manba bo‘lib xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, faxriylarning ma’naviy ehtiyojlarini inobatga olish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush darajasi hamda ijtimoiy mavqeini ta’minlash masalalari ham davra suhbatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Sohada uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilgan, arxitektura va qurilish rivojiga munosib hissa qo‘shgan loyiha mualliflari, arxitektorlar va muhandislarga Faxriylar kengashi tomonidan “Kengash faxriysi” maqomi topshirildi.



