14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati
2026-01-14 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Hurmatli Vatan himoyachilari, harbiy xizmatchilar, ofitser va askarlar, qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.
Bugun biz yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlab kelayotgan mard va fidoyi insonlarga chuqur hurmat bajo keltiramiz. Vatan himoyachisi boʻlish nafaqat sharaf, balki yuksak masʼuliyat hamdir. Sizlarning qatʼiyatingiz, jasoratingiz va fidoyiligingiz tufayli yurtimizda tinch hayot hamda ishonchli kelajak barpo etilmoqda.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida barcha sohalar qatori qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi tizimi ham izchil rivojlanmoqda. Zamonaviy harbiy shaharchalar, xizmat uylari, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi obyektlarining bunyod etilishi Vatan himoyachilarining munosib sharoitlarda xizmat qilishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Biz harbiy xizmatchilarimizning turmush darajasi va yashash sharoitlarini yaxshilash, ular va ularning oila aʼzolari uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratishga doimiy eʼtibor qaratamiz. Bu borada olib borilayotgan qurilish va infratuzilma ishlari muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarga muvofiq izchil davom ettiriladi.
Sizlarning mardligingiz, sadoqatingiz va fidoyiligingiz xalqimiz uchun ishonch, farzandlarimiz uchun esa ibratdir. Vatan himoyasi yoʻlida kechayotgan mashaqqatli va sharafli xizmatlaringizda barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt, tinchlik hamda omad tilayman.
Bayramingiz muborak boʻlsin!
Hurmat bilan,
SH.Hidoyatov
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri
